Vazir Nukusdagi “Aral Hub” faoliyati bilan tanishdi

Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Qoraqalpog‘iston Respublikasiga amalga oshirgan xizmat safari doirasida Nukus shahrida faoliyat yuritayotgan “Aral Hub” kompaniyasining bosh ofisida bo‘ldi.

Tashrif chog‘ida vazir kompaniya mutaxassislari uchun yaratilgan zamonaviy sharoitlar, ish infratuzilmasi va dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqish jarayonlari bilan yaqindan tanishdi. Uchrashuvda “Aral Hub” jamoasi tomonidan hayotga tatbiq etilayotgan istiqbolli AT-loyihalar, ularning texnik imkoniyatlari hamda erishilgan natijalar atroflicha namoyish etildi.

Shuningdek, muloqot davomida tomonlar mahalliy AT-mahsulotlarni yanada takomillashtirish, hududda yaratilayotgan raqamli yechimlarning sifatini oshirish hamda ularni nafaqat ichki bozorda, balki xalqaro maydonda ham raqobatbardosh qilish masalalariga alohida to‘xtaldilar. Xorijiy buyurtmachilar bilan aloqalarni mustahkamlash, AT-xizmatlar eksportini kengaytirish va yosh mutaxassislar uchun yuqori daromadli yangi ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

O‘z navbatida vazir qoraqalpog‘istonlik yosh mutaxassislar va tashabbuskor jamoaning intilishlarini yuqori baholab, bu kabi texnologik markazlar hududning umumiy AT-ekotizimini mustahkamlash va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishda muhim o‘rin tutishini ta’kidladi hamda kompaniyaning kelgusi faoliyatida yanada rivojlantirish bo‘yicha o‘z tavsiyalarini berib o‘tdi.

Yaratilgan vaqt: 21.09.2026
Ko‘rishlar soni: 18