Buxoroda BPO xizmatlari va AT xizmatlari eksporti kengaytirilmoqda

Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Buxoro viloyatiga tashrifi doirasida Premier Line Up BPO kompaniyasi faoliyati bilan tanishib, korxonaning xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlari va kelgusidagi rivojlanish rejalarini ko‘rib chiqdi.

Mazkur BPO markazida AQSh bozori uchun dispetcherlik, buxgalteriya, xavfsizlik va boshqa masofaviy xizmatlar ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan. Kompaniya faoliyati orqali Buxoroda mahalliy mutaxassislarni xalqaro xizmatlar bozoriga jalb etish va xorijiy buyurtmachilar bilan ishlash imkoniyatlari kengaymoqda.

Tashrif davomida kompaniyaning kelgusidagi rivojlanish istiqbollari, xizmatlar ko‘lamini kengaytirish hamda yangi ish o‘rinlarini yaratish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, faoliyatni IT Park tomonidan joriy etilgan “Zero Risk” dasturi asosida kengaytirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Kompaniya rahbari tomonidan 2026-yil yakuniga qadar 150 ta yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilayotgani ma’lum qilindi. Mazkur ish o‘rinlari, avvalo, hududdagi yoshlarni BPO yo‘nalishiga jalb etish, ularning zamonaviy kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish va xalqaro kompaniyalar bilan ishlash imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
BPO xizmatlarining hududlarda rivojlanishi katta ishlab chiqarish infratuzilmasini talab qilmagan holda, intellektual mehnat va masofaviy xizmatlar orqali xalqaro bozorlarga chiqish imkonini beradi. Bu esa Buxoroning AT xizmatlari eksport salohiyatini oshirish bilan birga, hududda zamonaviy va yuqori daromadli ish o‘rinlarini ko‘paytirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.

Shuningdek, kompaniyaning AQSh bozori bilan hamkorligi Buxoroda xizmatlar eksporti geografiyasini kengaytirish, mahalliy mutaxassislarning xalqaro loyihalardagi ishtirokini oshirish hamda hududning global xizmatlar bozoridagi o‘rnini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Tashrif davomida BPO xizmatlarini yanada rivojlantirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish va AT xizmatlari eksporti hajmini oshirish bo‘yicha istiqboldagi vazifalar yuzasidan fikr almashildi.

Yaratilgan vaqt: 25.08.2026
Ko‘rishlar soni: 12