Buxoroda yoshlar uchun Plug and Play’ning xalqaro startap dasturi ishga tushirildi

Buxoroda yoshlarning innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash, ularni biznes loyihalarga aylantirish va xalqaro bozorga olib chiqishga qaratilgan Bukhara Digital Silk Road milliy innovatsion dasturi ishga tushirildi.

Dastur Raqamli texnologiyalar vazirligi, Buxoro viloyati hokimligi, UGL Holding va dunyodagi yetakchi innovatsiyalar platformalaridan biri — Plug and Play hamkorligida amalga oshirilmoqda.

Loyiha doirasida Plug and Play’ning 550 dan ortiq korporativ hamkori va 3 mingdan ziyod mentorlardan iborat global tarmog‘i Buxorodagi universitet talabalari bilan bog‘lanadi. Bu orqali yoshlarning innovatsion g‘oyalarini rivojlantirish, ularga xalqaro tajriba va mentorlik ko‘magini taqdim etish hamda istiqbolli startaplarni investorlarga tayyorlash ko‘zda tutilgan.

To‘qqiz oylik dasturning dastlabki bosqichida 300-400 nafar talabadan 100 ta jamoa saralab olinadi. Keyingi bosqichlarda ularning soni 50 ta va 25 tagacha qisqartiriladi. Yakunda eng yaxshi 15 ta startap Plug and Play Bukhara Expo tadbirida o‘z loyihalarini investorlar, yirik kompaniyalar va davlat tashkilotlari vakillariga taqdim etadi.

Ishtirokchilar Buxoroda har oy o‘tkaziladigan oflayn mentorlik mashg‘ulotlari va onlayn kouching dasturlarida ishtirok etadi. Ta’lim jarayoniga Mercedes-Benz, NVIDIA, AWS, Porsche, Nestlé, Revolut va Procter & Gamble kabi yirik kompaniyalar mutaxassislari jalb qilinadi.

Tashabbus UGL Holding tomonidan bir necha yuz ming dollar miqdoridagi investitsiya bilan qo‘llab-quvvatlanadi. Kompaniya dasturni muvaffaqiyatli yakunlagan startaplarda ulush oladi. Buxoro viloyati hokimligi esa dasturni amalga oshirish uchun zarur infratuzilma, maydonlar va logistikani ta’minlaydi.

Dasturning keyingi akseleratsiya bosqichi IT Park Uzbekistan bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.

Bukhara Digital Silk Road tashabbusi Buxoroda startap ekotizimini rivojlantirish, iqtidorli yoshlarning innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash va mahalliy startaplarni xalqaro bozorga olib chiqishda muhim qadam bo‘ladi.

Yaratilgan vaqt: 24.08.2026
Ko‘rishlar soni: 14