Xonqada raqamli moliyaviy xizmatlar va dasturiy yechimlar rivojlantirilmoqda

Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Xorazm viloyatiga tashrifi doirasida Xonqa tumanida IT Park rezidenti — “ANJIRSOFT” MChJ faoliyati bilan tanishdi.

Bugungi kunda kompaniya tomonidan raqamli texnologiyalar, moliyaviy xizmatlar, media va dasturiy ta’minot yo‘nalishlarida zamonaviy loyihalar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, MilliyPay — xalqaro pul o‘tkazmalarini amalga oshirish, shuningdek, xorijdan turib kommunal xizmatlar, bank kreditlari va boshqa to‘lovlarni amalga oshirish imkonini beruvchi raqamli moliyaviy platforma. Ilova Google Play va App Store platformalarida 1 milliondan ortiq marta yuklab olingan, oylik faol foydalanuvchilar soni esa 200 mingdan ortiqni tashkil etadi.

ANJIRMEDIA loyihasi xorijda yashayotgan va mehnat qilayotgan yurtdoshlarga O‘zbekiston telekanallari hamda milliy media kontentni onlayn tomosha qilish imkonini beradi. Loyiha orqali milliy kontentni xalqaro auditoriyaga yetkazish va yurtdoshlarni O‘zbekiston axborot makoni bilan bog‘lash maqsad qilingan.

ANJIRSOFT yo‘nalishi esa korxona va tashkilotlar uchun zamonaviy dasturiy ta’minot va AT xizmatlarini ishlab chiqish hamda joriy etishga ixtisoslashgan. Kompaniya O‘zbekiston va Qozog‘istondagi tashkilotlarga dasturiy yechimlar taqdim etmoqda. Jumladan, Universalbank bilan hamkorlik doirasida bankning raqamli va dasturiy ehtiyojlarini ta’minlash bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda.

Tashrif davomida kompaniyaning mazkur loyihalari yuzasidan taqdimot o‘tkazildi. Shuningdek, kompaniya faoliyatini yanada kengaytirish va ko‘rsatilayotgan AT xizmatlari hajmini oshirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar bildirildi.

Yaratilgan vaqt: 20.08.2026
Ko‘rishlar soni: 13