Urganch shahrida “Aqlli mahalla” loyihasini takomillashtirish bo‘yicha takliflar bildirildi

Raqamli texnologiyalar vaziri Sh.Shermatov Xorazm viloyatiga tashrifi davomida Urganch shahridagi Olimpiya mahallasida “Aqlli mahalla” loyihasi doirasida amalga oshirilgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.

Mazkur “Aqlli mahalla” loyihasi mahalla boshqaruvini zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalari asosida raqamlashtirish, aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish, xavfsizlikni ta’minlash hamda kommunal va ijtimoiy sohalarda samarali boshqaruvni yo‘lga qo‘yish maqsadida amalga oshirilmoqda.

“Aqlli mahalla” loyihasi doirasida mahallada raqamli boshqaruv tizimini joriy etish, fuqarolar murojaatlarini yagona platforma orqali qabul qilish va nazorat qilish, mahalla xavfsizligini sun’iy intellekt asosidagi videokuzatuv tizimlari orqali boshqarish, favqulodda vaziyatlarni tezkor aniqlash va tegishli xizmatlarga xabar berish, jamoat tartibini ta’minlash bo‘yicha real vaqt monitoringini yo‘lga qo‘yish, kommunal xizmatlar sohasida elektr, gaz, suv va issiqlik tarmoqlarini onlayn monitoring qilish, nosozliklarni erta aniqlash va tezkor bartaraf etish, kommunal xizmatlar sifatini nazorat qilish, IoT texnologiyalari asosida harorat, namlik, gaz, suv bosimi, shovqin va havo sifatini sensorlar yordamida kuzatish imkoniyatlari yaratilmoqda.

“Aqlli mahalla” loyihasi to‘liq joriy etilishi natijasida mahallada ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlarining sifati va tezkorligi oshadi, fuqarolar murojaatlarini ko‘rib chiqish muddati qisqaradi, kommunal xizmatlarda uzilishlar kamayadi hamda mahallada xavfsizlik yuqori darajada ta’minlanadi.

Raqamli texnologiyalar vaziri Sh.Shermatov Urganch shahridagi Olimpiya mahallasida “Aqlli mahalla” loyiha bilan tanishish davomida loyihani yanada takomillashtrish orqali loyihani samarali joriy etish yuzasidan mas’ullarga o‘z taklif va tavsiyalarini bildirdi.

Yaratilgan vaqt: 18.08.2026
Ko‘rishlar soni: 10