Raqamli texnologiyalar sohasida strategik rejalashtirish va davlat nazorati takomillashtiriladi – Prezident Farmoni

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 24-iyuldagi PF–141-son Farmoni bilan raqamli texnologiyalar sohasida strategik rejalashtirish tizimini yanada takomillashtirish hamda ushbu sohada davlat nazorati samaradorligini oshirishga qaratilgan muhim o‘zgartish va qo‘shimchalar tasdiqlandi.

Mazkur hujjat bilan mamlakatda sun’iy intellekt texnologiyalarini jadal rivojlantirish, raqamli iqtisodiyotni yangi bosqichga olib chiqish, raqamli davlat xizmatlari sifatini oshirish hamda sohadagi boshqaruv va nazorat mexanizmlarini kuchaytirishga qaratilgan qator vazifalar belgilandi.

Farmonga muvofiq, “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasi va Sun’iy intellekt texnologiyalarini 2030-yilga qadar rivojlantirish strategiyasi zamonaviy talablar asosida yangilanadi hamda ularning o‘zaro uyg‘unligi ta’minlanadi.

Yangilangan ustuvor yo‘nalishlar quyidagilarni qamrab oladi:

– raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt sohalariga oid maqsadli ko‘rsatkichlarni “O‘zbekiston – 2030” strategiyasiga maqsadlariga muvofiqlashtirish;

– “Besh million sun’iy intellekt yetakchilari” loyihasi doirasida o‘qitilgan yoshlar sonini 2030 yilga qadar 5 million nafarga yetkazish;

– radiochastota spektridan foydalanishni boshqarish tizimini takomillashtirish;

– raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, iqtisodiyot tarmoqlarini raqamlashtirish darajasini yangi bosqichga olib chiqish orqali tarmoqlar samaradorligini oshirish;

– axborot va ommaviy kommunikatsiyalar, telekommunikatsiyalar, raqamli texnologiyalar va noshirlik sohalarida davlat nazoratini mustahkamlash.

Shuningdek, Farmon bilan Birlashgan Millatlar Tashkilotining E-Government Survey hisobotida O‘zbekistonning o‘rnini yaxshilash, 2030 yilga qadar mamlakatni Elektron hukumatni rivojlantirish indeksi bo‘yicha dunyoning eng yaxshi 30 ta davlati qatoriga kiritish vazifasi belgilandi.

Strategiya doirasida optik tolali aloqa tarmoqlari va keng polosali internet qamrovini 99 foizga yetkazish, shuningdek, olis hududlarda yo‘ldosh aloqa texnologiyalarini joriy etish uchun zarur sharoitlar yaratiladi.

Raqamli texnologiyalar sohasida startap ekotizimini rivojlantirish maqsadida inkubatsiya va akseleratsiya dasturlari tashkil etilib, yetakchi xalqaro ekspertlar va biznes-mentorlar ishtirokida loyihalar qo‘llab-quvvatlanadi.

Shuningdek, mamlakatda sun’iy intellekt sohasida 15 tadan ortiq laboratoriya tashkil etish, yuqori sinf o‘quvchilari uchun «Muhammad al-Xorazmiy vorislari» tizimini joriy qilish hamda xotin-qizlarni raqamli texnologiyalarga keng jalb etish choralari belgilandi.

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida sun’iy intellekt asosida ko‘rsatiladigan xizmatlar ulushini 10 foizga yetkazish hamda mobil qurilmalar orqali foydalanish mumkin bo‘lgan elektron davlat xizmatlari ulushini 90 foizga chiqarish rejalashtirilgan.

Yaratilgan vaqt: 27.07.2026
Ko‘rishlar soni: 3