GBSF 2026 forumi Toshkentda global biznes xizmatlari va sun’iy intellekt istiqbollarini muhokama qilish maydoniga aylandi

Joriy yilning 24–25-iyul kunlari Toshkent shahrida Markaziy Osiyodagi global biznes xizmatlari, raqamli iqtisodiyot va sun’iy intellektni rivojlantirishga bag‘ishlangan eng yirik xalqaro platforma – Global Business Services Forum (GBSF) 2026 bo‘lib o‘tmoqda. Forumda 45 dan ortiq mamlakatdan 450 nafardan ziyod xalqaro kompaniyalar rahbarlari, investorlar, davlat organlari vakillari hamda soha mutaxassislari ishtirok etmoqda.

Bugun, 24-iyul kuni forumning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov ishtirok etib, O‘zbekistonda so‘nggi yillarda amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida axborot texnologiyalari sohasini rivojlantirish uchun zamonaviy va raqobatbardosh ekotizim shakllanganini ta’kidladi.

“Bugungi kunda biz xalqaro kompaniyalarga nafaqat biznes yuritish uchun qulay sharoitlar, balki yuqori malakali kadrlar, zamonaviy raqamli infratuzilma va jadal rivojlanayotgan mintaqaviy bozorga kirish imkoniyatini ham taklif etmoqdamiz. Agar siz O‘zbekistonda IT kompaniya ochsangiz, hukumat tomonidan ham, IT Park tomonidan ham to‘liq qo‘llab-quvvatlanasiz. Siz soliq to‘lamaysiz, xodimlaringiz ham imtiyozli, ya’ni kamroq soliq to‘laydi. Bu imtiyozlar 2040-yilgacha amal qiladi.
Shuningdek, biz ayni shu yo‘nalishda Enterprise Uzbekistan tashabbusini ham yo‘lga qo‘ymoqdamiz. U sizning biznesingizni O‘zbekistonda yanada rivojlantirish uchun eng qulay huquqiy sharoitlarni taqdim etadi”, — dedi Sh. Shermatov.

Vazir O‘zbekistonning eng katta ustunligi uning yosh va iste’dodli inson kapitali ekanini ta’kidladi va mazkur islohotlarning xalqaro miqyosdagi e’tirofi ham tobora ortib borayotgani, xususan, O‘zbekiston “Country of the Year 2026” — startap ekotizimi eng jadal rivojlangan davlat sifatida e’tirof etilganini qayd etdi.

IT Park Uzbekistan bosh direktori Azamat Karamatov forum mamlakat texnologik ekotizimining xalqaro maydondagi nufuzi ortib borayotganini namoyon etayotganini ta’kidladi. Shuningdek, u IT Park xorijiy kompaniyalar uchun nafaqat biznes yuritish, balki mintaqadagi malakali kadrlar salohiyatidan foydalanish va O‘zbekiston innovatsion ekotizimining bir qismiga aylanish imkonini yaratayotganini qo'shimcha qildi.

Bugungi kunda IT Park Uzbekistan ekotizimi 3 800 dan ortiq rezident kompaniyalarni birlashtirgan. Ularning 1 000 dan ortig‘ini xalqaro kompaniyalar tashkil etadi. Texnologik xizmatlar eksporti esa 1 milliard AQSH dollaridan oshgan.

Shuningdek, forum global biznes xizmatlari sohasidagi zamonaviy tendensiyalar muhokamasi bilan davom etdi. Sessiyalar davomida servis operatsiyalarini kengaytirish, kadrlar salohiyatini rivojlantirish, biznes jarayonlarini transformatsiya qilish hamda sun’iy intellektni global xizmat ko‘rsatish markazlariga joriy etish masalalari ko‘rib chiqildi. Bundan tashqari, Enterprise Uzbekistan tashabbusi, global biznes xizmatlari ekotizimini rivojlantirish bo‘yicha xalqaro tajriba hamda Global Expertise, Antal International, Staff Atlantic va Sonect (Teleperformance) kompaniyalarining amaliy tajribalari taqdim etildi.

Forumning markaziy sessiyalaridan biri — “Beyond Cost: How AI Is Redefining Global Business Services” panel muhokamasi bo‘ldi. Unda CXAP, iSon, Newo.ai va Emapta kompaniyalari vakillari sun’iy intellektning global biznes xizmatlari modeliga ta’siri, biznes samaradorligini oshirish, xizmatlar sifatini yaxshilash va yangi qiymat yaratishdagi o‘rni yuzasidan fikr almashdilar.

Shu bilan birga, O‘zbekistonda global biznes xizmatlari ekotizimini rivojlantirish va xalqaro hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan qator memorandumlar imzolandi. Jumladan, IT Park Uzbekistan va Sonect (Teleperformance) o‘rtasida IT-autsorsing hamda BPO yo‘nalishlarida hamkorlikni rivojlantirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va tajriba almashish bo‘yicha memorandum imzolandi.

Yaratilgan vaqt: 24.07.2026
Ko‘rishlar soni: 3