#XalqPrezidenti #Xalqyetakchisi

Har bir yangi g‘oya – taraqqiyot sari qadam. Har bir raqamli yechim – inson manfaati uchun xizmat. Har bir islohot – Yangi O‘zbekiston kelajagiga investitsiya

Bugungi kunda mamlakatimizda raqamli texnologiyalar barcha sohalarning ajralmas qismiga aylanib bormoqda.

Davlat boshqaruvini takomillashtirish, aholiga qulay va shaffof davlat xizmatlarini ko‘rsatish, iqtisodiyot tarmoqlarini raqamlashtirish, sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish, AT-ta’limni rivojlantirish hamda yoshlarni zamonaviy kasblarga yo‘naltirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida izchil davom etmoqda.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda raqamli iqtisodiyotning huquqiy va institutsional asoslari mustahkamlandi, elektron davlat xizmatlari kengaydi, IT Park ekotizimi jadal rivojlandi, dasturiy mahsulotlar eksporti sezilarli darajada oshdi, xalqaro AT-kompaniyalar faoliyati uchun yangi imkoniyatlar yaratildi. Bugun O‘zbekiston nafaqat Markaziy Osiyo, balki keng mintaqada raqamli innovatsiyalar va texnologiyalar markazlaridan biriga aylanish yo‘lidan izchil odimlamoqda.

Mazkur islohotlarning xalqaro miqyosdagi e’tirofi ham tobora ortib bormoqda. Xususan, O‘zbekiston “Country of the Year 2026” — startap ekotizimi eng jadal rivojlangan davlat sifatida e’tirof etildi.
 

Bu kabi o‘zgarishlar zamirida raqamli taraqqiyotni davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilab bergan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbus va qarorlari muhim o‘rin tutadi. Davlatimiz Rahbarining aynan shu strategik yondashuvi natijasida raqamli texnologiyalar inson manfaatiga xizmat qiladigan, davlat va jamiyat rivojiga hissa qo‘shadigan samarali tizimga aylanib bormoqda.



Bugun, 24-iyul – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tavallud topgan kun.

Raqamli texnologiyalar vazirligi jamoasi ushbu sana munosabati bilan hurmatli Prezidentimizga mustahkam sog‘liq, uzoq umr, yurtimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligi yo‘lidagi mas’uliyatli davlatchilik faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar tilaydi.

Yangi O‘zbekistonning raqamli kelajagini barpo etish yo‘lidagi ezgu islohotlar va tashabbuslar izchil davom etib, mamlakatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishiga tilakdoshmiz.

Yaratilgan vaqt: 24.07.2026
Ko‘rishlar soni: 3