Osiyo xotin-qizlarining II forumi doirasida “Ilm-fan, taʼlim, ekologiya, innovatsiya va sunʼiy intellekt sohalarida xotin-qizlar: yangi avlod imkoniyatlari” mavzusida 3-sessiya bo‘lib o‘tdi. Unda xotin-qizlarning zamonaviy ilm-fan va texnologiya sohalaridagi ishtiroki, ular uchun yaratilayotgan imkoniyatlar hamda bu yo‘nalishdagi xalqaro tajriba muhokama qilindi.
Sessiyani Oliy Majlis Senati Fan, taʼlim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Oral Ataniyazova va Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Sardor Radjabov olib bordi.
Tadbirda xalqaro tashkilotlar, davlat organlari, ilmiy doiralar va parlamentlar vakillari ishtirok etib, xotin-qizlarning ilm-fan, taʼlim, innovatsiya va raqamli texnologiyalar sohalaridagi imkoniyatlarini kengaytirish yuzasidan o‘z fikr va takliflarini bildirdilar.
Sessiyada xotin-qizlarni STEM taʼlimiga jalb etish, sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalar sohasida ularning salohiyatini rivojlantirish, ekologik tashabbuslardagi ishtiroki hamda texnologiyalar orqali sodir etiladigan gender zo‘ravonlikka qarshi kurashish masalalari muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, qizlarni sifatli taʼlimga keng jalb etish, zamonaviy kasb va ko‘nikmalarni egallashi uchun shart-sharoit yaratish, shuningdek, ularni ilmiy tadqiqotlar va texnologik startaplarga faol jalb qilish barqaror taraqqiyotning muhim omili hisoblanadi.
Sessiya yakunida xotin-qizlarning ilm-fan, taʼlim, innovatsiya, ekologiya va sunʼiy intellekt sohalaridagi imkoniyatlarini kengaytirish yo‘nalishida xalqaro hamkorlikni kuchaytirish, qizlarni zamonaviy bilim va ko‘nikmalar bilan taʼminlash hamda ular uchun yangi imkoniyatlar yaratish zarurligi alohida qayd etildi.
16.05.2026
Ko‘rishlar soni: 13